"Fitch Ratings" O'zbekistonda 2021-2022-yillarda iqtisodiy oʻsish 5-5,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda

    Moliya 10 Aprel 2021 1574

    2021-yilning 9-aprel kuni “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi Oʻzbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi boʻyicha navbatdagi hisobotini chop etdi. Hisobotga koʻra, mamlakatimiz suveren kredit reytingining bahosi oʻzgarishsiz VV- (barqaror kutilma) darajada saqlab qolingan. 

    Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

    Hisobotga koʻra, Oʻzbekistonning fiskal, monetar va valyuta siyosatlarini yaxshilashga va uning iqtisodiyotdagi muhim tarmoqlarga aralashuvini kamaytirishga qaratilgan islohotlardagi yutuqlari va xalqaro moliya institutlarining moliyaviy va texnik koʻmagi mamlakatning COVID-19 pandemiyasiga qarshi chidamli boʻlganini namoyon etdi.

    Agentlik 2020-yilda “BB” reytingiga ega davlatlarning iqtisodiyoti oʻrtacha 4,4 foizga qisqarganini, Oʻzbekiston esa 1,6 foiz oʻsishga erishib, iqtisodiy barqarorlikni oltin qazib olish sanoati bilan bogʻliq ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalari orqali taʼminlaganini aytib oʻtgan.

    “Fitch Ratings” oʻz hisobotida mamlakatimiz iqtisodiyotining kelgusi rivojiga toʻxtalar ekan, fiskal choralar orqali iqtisodiyotda isteʼmol va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish va asosiy savdo sheriklarimiz iqtisodiyotining tiklanishi evaziga 2021-2022-yillarda respublikada iqtisodiy oʻsish 5-5,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.

    Biroq, prognozlar pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning oʻzgarishi va vaksinatsiyaning kechiktirilishi sabab salbiy tomonga oʻzgarishi mumkinligi taʼkidlangan.

    Hisobotda agentlik Oʻzbekiston Respublikasi davlat qarzi pandemiyadan avval ham yuqori surʼatlarda oʻsganiga qaramay, davlat qarzini boshqarishdagi kutilayotgan choralar va maqroiqtisodiy koʻrsatkichlar asosida oʻrta muddatda davlat qarzining “BB” reytingiga ega davlatlar medianasidan past darajada oʻsishini prognoz qilgan.