Fizika fani bo'yicha elektron darslik yaratildi

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi fizika fani bo'yicha yangi elektron darslikni taqdim etdi.

    Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021-yilda fizika va chet tillarini o'rganishni ilm-fanda ustuvor yo'nalish etib belgilab berdi. “Agar tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo'lganini ko'ramiz. Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, Ay-Ti, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo'lmaydi”, — deya ta'kidladi davlatimiz rahbari.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikasiya texnologiyalariga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning bir guruh o'qituvchilari hamda O'zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyati bilan hamkorlikda fizika fani bo'yicha yangi elektron darslik yaratish ustida ish olib borilmoqda.

    Elektron darslikning asosiy maqsadi o'quvchilarning fizika faniga bo'lgan qiziqishi va o'qitish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Yangi elektron darslik o'quvchilarning bilim olishlari uchun qo'shimcha manba sifatida xizmat qiladi.
    Yangi loyiha odatiy o'quv darslariga qatnasha olmaydigan nogironligi bor o'quvchilar uchun uy sharoitida fizika fanini mustaqil o'rganish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, mamlakatimizning chekka hududlarida ham fizika fanini samarali o'qitish imkoniyati yaratiladi.

    Elektron darslik o'quvchilarga maktab darsligida berilishi imkoni bo'lmagan ma'lumotlarni etkazishi mumkin. Abiturientlar darslikdan oliy ta'lim muassasalarining kirish imtihoniga tayyorgarlik ko'rishlari uchun yordam beradi. Darslik elektron bog'langani uchun uni muntazam yangilab va to'ldirib borish imkoniyati mavjud.

    Fizika bo'yicha elektron darslik ma'ruza matni, video darslar, taqdimotlar, topshiriqlar, laboratoriya ishlari va testlardan iborat.
    Ma'ruza matnlari qo'shimcha ma'lumotlar, mavzuga oid rasmlar va animasiyalar bilan boyitilgan. O'quvchilar topshiriqlar, test va laboratoriya ishlari yordamida nazariy bilimlarini mustahkamlaydi.
    Elektron darslikdagi har bir mavzuni tushuntiruvchi video darslar, ko'p yillik bilim va tajribaga ega bo'lgan o'qituvchilar tomonidan zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o'tilgan. Video darslarda alohida zamonaviy texnologiya va laboratoriya jihozlaridan foydalanilgan.

    Darslikda berilayotgan topshiriqlar o'quvchilarni PISA xalqaro tadqiqotlar monitoringiga tayyorlashga yo'naltirilgan bo'lib, ushbu topshiriqlarni tuzishda PISA xalqaro baholash dasturi tomonida ochiq holatda berilgan test va masalalardan foydalanilgan.

    Fizika laboratoriya ishlari virtual shaklda berilgan. Laboratoriya ishlarini virtual shaklda berilishi o'quvchilarni fizika fanidagi har bir mavzuni chuqur o'rganish, mavzuda bayon qilingan jarayonlarni bevosita kuzatish imkonini beradi. Bundan tashqari, virtual laboratoriya ishlarini maktablarda qo'llanilishi o'quvchilarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko'nikmasini shakllantiradi. Virtual laboratoriya ishlari o'quvchi uchun mutlaqo xavfsiz bo'lib, hech qanday zarar keltirmaydi, shuning uchun o'quvchilar o'qituvchi nazoratisiz mustaqil tajriba o'tkazishlari mumkin.

    Darslikdagi mavzular nafaqat fizika fani bo'yicha, balki fanlarning o'zaro integrallashgan holda yoritilgan. Jumladan, 5-6 sinflarda fizika fanini tabiiy fanlar bilan o'zaro bog'langan holda tushuntirilgan.
    Dastur interfeysi qulay ko'rinishga va zamonaviy dizaynga ega. Elektron darslikdan istalgan operasion tizimda va qurilmada foydalanish mumkin.
    Yangi elektron darslik o'quvchilar tomonidan fizika fanini chuqur o'zlashtirishi uchun zamin yaratadi va fizika jarayonlarini to'liq tasavvur qilish imkoniyatini beradi.

    Hozirgi kunda fizika bo'yicha elektron darslikning 5-6-sinflar uchun ma'ruza matni kitob ko'rinishida nashrdan chiqarilib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikasiya texnologiyalariga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda sinovdan o'tmoqda. Sinov jarayonida darslik takomillashtiriladi. Sinov yakunlanganidan keyin elektron darslikni umumta'lim maktablarida ham joriy qilish mumkin bo'ladi.