FNQIZ xomashyoni qayta ishlash hajmini ikki barobar koʻpaytiradi

    Sanoat 22 Fevral 2023 1130

    2024-yilga kelib FNQIZda xomashyoni qayta ishlash hajmi ikki barobarga oshiriladi.

    Buning uchun “Sanoat Energetika Guruhi” (Saneg) MCHJ XK tomonidan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiyalash ishlari jadal surʼatlarda olib borilyapti. Modernizatsiya jarayoni tugallangach, xomashyoni qayta ishlash hajmini yiliga 2 million tonnagacha, uglevodorodlarni qayta ishlash chuqurligini esa 87 foizdan 92 foizgacha oshirish imkoniyati tugʻiladi.

    “Loyihaning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining neft mahsulotlariga boʻlgan tobora ortib borayotgan ehtiyojini qondirishdan iborat. FNQIZni modernizatsiya qilish zavodda ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish, xususan, motor moylari sifatini “Yevro-5” toifasigacha, yogʻlash uchun ishlatiladigan moylarni API boʻyicha II+/III guruh darajasigacha oshirish imkonini beradi. Yangi turdagi mahsulotlar ekologik jihatdan toza boʻlib, tashqi bozorda xorijiy ishtirokchilar bilan raqobatlasha oladi”, — deydi Saneg kompaniyasi bosh direktori Shokir Fayzullayev.

    Uglevodorodlarning yoʻqotilish hajmini kamaytirish va zavod rezervuarlar parkini yangilash modernizatsiya loyihasining muhim jihati hisoblanadi. Shu munosabat bilan FNQIZ loyiha-konstruktorlik boʻlimi tomonidan 36 ta yangi rezervuarlarni qurish boʻyicha loyiha tayyorlangan boʻlib, ayni paytda xalqaro ekspertlarni jalb etan holda ularni ishlab chiqarish jarayoni yoʻlga qoʻyilyapti.

    Zavodning tobora koʻpayib borayotgan quvvatlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida umumiy uzunligi 12 kilometr boʻlgan yangi tashqi gaz quvurini yotqizish boʻyicha texnik topshiriqlar tayyorlandi. Ishchi loyihaga muvofiq qurilish materiallari va uskunalari xarid qilindi, qurilish-montaj ishlari boshlab yuborildi.

    Eski tozalash inshootlarini neft mahsulotlaridan tozalash jarayoni davom etayotgan boʻlib, keyinchalik ikkilamchi qayta ishlanganidan keyin ulardan yana foydalaniladi. Bu kompaniyaning ekologik xavfsizlik boʻyicha majburiyatlarining muhim qismidir.

    Modernizatsiya loyihasini amalga oshirish ishlariga jami 100 dan ziyod maxsus texnika va 1 000 dan ortiq ishchi jalb etilgan. Bugungi kunda zavodda jami 4 173 kishi mehnat qiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Modernizatsiya ishlarining yakunlanishi Fargʻona NQIZning mamlakat iqtisodiyotiga qoʻshayotgan hissasini oshirish imkonini beradi.