FNQIZda bazaviy moylar sifatini yaxshilash dasturi ishga tushirildi

    Sanoat 16 Yanvar 2024 371

    Oʻzbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan mazkur loyiha ishlab chiqarilayotgan birinchi guruhga oid bazaviy moylar sifatini oshirish va ularni Yevropa standartlariga yetkazish imkonini beradi.

    FNQIZda ishlab chiqarilayotgan bazaviy moylar sifatini oshirish boʻyicha keng koʻlamli dasturni amalga oshirish ishlari boshlandi. Dastur doirasida atmosfera-vakuum kolonnasini modernizatsiya qilish, shuningdek, mineral bazaviy moylar ishlab chiqarish qurilmalarini taʼmirlashni nazarda tutadi. Dasturning maqsadi moylarning fizikaviy va kimyoviy xususiyatlarini eng yaxshi Yevropa standartlariga javob beradigan darajaga yetkazishdan iborat.

    Dasturning birinchi bosqichi doirasida bazaviy moylarni gidrotozalash kolonnasidagi katalizator almashtirildi. Ushbu qurilma moy mahsulotlarini oltingugurt, azot, aromatik uglevodorodlar va qatronli asfalt moddalardan chuqur tozalashni amalga oshiradi, ular moylarning oksidlanish barqarorligi, korroziya xususiyatlari va rangiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

    Gidrotozalashdan soʻng takomillashtirilgan bazaviy moylar “SEG Motol” brendi ostida motor, transmissiyaviy, gidravlik, reduktor, kompressor va boshqa turdagi tijorat moylarini ishlab chiqarishda qoʻllaniladi. 2024-yilda kompaniya 130 ming tonnaga yaqin bazaviy moylarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.