Fond birjasida “Asia Alliance Bank” ning 45 milliard soʻmlik korporativ obligatsiyalari joylashtirildi

    Moliya 28 Iyun 2020 941

    “Toshkent” respublika fond birjasi (RFB)da “Asia Alliance Bank” aksiyadorlik tijorat bankining 45 milliard soʻmlik korporativ obligatsiyalari joylashtirilishi yakunlandi. Bu roʻyxatga olingan obligatsiyalarning 90 foizdan ortigʻini tashkil etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Kapital bozorini rivojlantirish agentligi manbasida keltirilishicha, “Asia Alliance Bank” aksiyadorlik tijorat banki chiqargan korporativ obligatsiyalarning roʻyxatdan oʻtgan hajmi 50,0 milliard soʻmni tashkil etadi. Nominal qiymati – 1,0 million soʻm, muomala muddati – 7 yil (yoki joylashtirilgan kundan boshlab 2557 kun). Ushbu obligatsiyalarning daromadliligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng boʻlib, yiliga + 4 foizni tashkil etadi. Obligatsiyalar boʻyicha choraklik foiz toʻlovlari ham koʻzda tutilgan. Obligatsiyalar “Toshkent” RFB listingiga kirib, ochiq aylanishi mumkin.

    Maʼlumot uchun, “Asia Alliance Bank”ning 100 foiz aksiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi davlat aktivlarini boshqarish agentligi egalik qiladi. “Asia Alliance Bank” Oʻzbekistondagi yosh va jadal rivojlanayotgan, loyihalarni moliyalashtirish sohasidagi faol banklardan biridir.

    Bank 2011-yilning noyabr oyidan boshlab “Moodyʻs Investor Service” xalqaro reyting agentligining reytinglariga kirgan. U, shuningdek, “Kontragent uzoq muddatli xatarlarini bank tomonidan baholashda (CR Assessment) – B1 (cr) darajasi, depozitlarning uzoq va qisqa muddatli reytinglarida – V2 darajasiga ega.

    Bundan tashqari, moliya instituti 2019-yilning noyabr oyida “Oʻzbekistonning yil banki" nomiga sazovor boʻldi. U “Toshkent” RFBning birja kotirovkasi roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, korporativ obligatsiyalar bozorida birja savdolarning faol ishtirokchisi hisoblanadi.

    2020-yilning 5 oyi yakuniga koʻra, “Asia Alliance Bank” umumiy aktivlari boʻyicha 18-oʻrinni (2,5 trillion soʻm) va kapital hajmi boʻyicha 20-oʻrinni (305 milliard soʻm) egallab turibdi. Bankning kredit portfeli 1,7 trillion soʻm – barcha bank kreditlarining 0,7 foiz hajmida shakllantirilgan.

    Qayd etilishicha, bankning 2019-yildagi sof foydasi 27,2 milliard soʻmni tashkil etadi. Bu 3.0 million AQSh dollariga teng.