Forel baliqchiligida Namangan brendi yaratiladi

    Forel togʻlardan oqib tushadigan eng tezkor daryolarda boʻlar edi. Undagi foydali organik moddalar va quvvati yuqoriligi uchun dunyoning eng qimmat restoranlari mijozlarining dasturxonini bezagan. Bugun esa forel oʻzbek xonadonlarining ham sevimli taomiga aylangan.

    Oʻzbekistonda forel baliqchiligi maktabini yaratgan Namangan viloyatida bir necha yirik xoʻjaliklar tashkil etildi. Ularning biri “Uchqoʻrgʻon forel baligʻi” MCHJdir.

    Forel harorati 18 darajadan yuqori boʻlgan suvda yashay olmaydi. Suv musaffo, yaʼni kislorodga boy boʻlishi kerak. Uchqoʻrgʻonni ikkiga boʻlib oqadigan Norin daryosi esa ayni muddao edi.

    Kuni kecha Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida Tadbirkorlar kengashi tuzildi va uning birinchi yigʻilishida viloyatda forel baligʻi yetishtirish hajmini 50 ming tonnaga yetkazish imkoniyatlari muhokama etildi.

    Tadbirkorlikning boshqa tarmoqlarida boʻlgani kabi, Namangan forelini ham tashqi bozorning taniqli brendiga aylantirish choralari koʻrilmoqda.