Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, hokimiyat organi mansabdor xodimining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Xususan, Jizzax viloyati Forish tumani hokimi oʻrinbosari oʻzining mansab mavqeyidan foydalanib, joriy yilning iyun oyida qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan MCHJ tomonidan auksion savdolari orqali yutib olingan 204 gektar sugʻoriladigan yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarmaslik va kelgusida ushbu yerdan erkin foydalanishida rahnamolik qilish uchun 30 ming AQSH dollari talab qiladi.
Shundan hozir 20 ming AQSH dollarini berishini, qolgan 10 ming AQSH dollarini esa hosil yigʻimidan soʻng berishi kerakligini aytadi.
Hokim oʻrinbosari soʻralgan pul mablagʻidan 20 ming AQSH dollarini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.









