Forish tumanida ham 37 nafar bola oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlandi

    Jizzax viloyatining Forish tumanida 2025-yil 9-oktyabr kuni bir necha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarning ommaviy zaharlanishi kuzatildi.

    Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Tuman tibbiyot birlashmasi maʼlumotlariga koʻra, soat 9:00 dan 16:00 gacha boʻlgan vaqt ichida 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan 37 nafar bola isitma koʻtarilishi, koʻngil aynishi, qorin ogʻrigʻi, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan shifokorlarga murojaat qilgan.

    Epidemiologik surishtiruv natijasida aniqlanishicha, bolalar 8-oktyabr kuni oʻzlari tarbiyalanayotgan taʼlim tashkilotida biokefir, sir va sariyogʻ kabi mahsulotlarni isteʼmol qilgan. Shundan keyin ularda oshqozon-ichak tizimi bilan bogʻliq ogʻriqli holatlar yuzaga kelgan. Dastlabki tekshiruvlar asosida “oʻtkir diareya” tashxisi qoʻyilib, bolalar statsionarda tibbiy yordam olmoqda.

    Jizzax viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga koʻra, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va ishlov berishda sanitariya qoidalariga rioya etilmagan. Bu esa bolalar sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin.

    Hozirda Forish tuman prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Mazkur holat boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.