Forish tumanida kichik quvvatli atom stansiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlandi

    Oʻzbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yoqilgʻisi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilindi.

    Joriy yilning 6-may kuni Energetika xavfsizligi masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Alisher Sultanov raisligida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilish doirasida “Atomstroeksport” AJ bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati aks ettirilgan taqdimot namoyish etildi.

    Taqdimotda loyihalash bosqichlari, tayyorgarlik ishlari va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik masalalari atroflicha koʻrsatildi.

    Ishtirokchilar shartnoma majburiyatlarining aniq belgilangan muddatda bajarilayotganini taʼkidlab, reglamentga qatʼiy rioya qilish zarurligiga toʻxtaldilar shuningdek, qurilish-montaj bazasini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi, jumladan, joriy tayyorgarlik bosqichlari va kelgusi ishlar rejalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, yer boʻlimlarini ajratish va tashqi infratuzilmani taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi, bu esa mahalliy hokimiyat organlari va pudrat tashkilotlari bilan faol hamkorlikni talab qiladi.

    Ilmiy-texnik kengash tanlangan maydonda oʻtkazilgan muhandislik tadqiqotlari natijalarini koʻrib chiqdi, bu natijalar loyiha hujjatlari uchun asos boʻlib xizmat qiladi va obyektning yuqori xavfsizlik darajasini taʼminlaydi.

    Yigʻilish davomida Jizzax viloyati Forish tumanida kichik quvvatli atom stansiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlandi, bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yoqilgʻisi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilindi, bu loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshirish va mamlakatning energetik mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Loyiha hujjatlarining yuqori sifatini va xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash maqsadida tomonlar oʻrtasida muntazam ishchi yigʻilishlar oʻtkazib kelinmoqda. Ushbu yigʻilishlarda uzoq muddatli ishlab chiqarish davriga ega uskunalar uchun texnik talablar, muhandislik tadqiqotlarini oʻtkazish va yangilash uchun texnik topshiriqlar va dasturlar, shuningdek loyiha jadvallari va hujjatlar kelishilmoqda.

    Stansiya joylashadigan maydonda tabiiy muhit komponentlari boʻyicha uzluksiz kuzatuvlar davom ettirilmoqda, jumladan, seysmik monitoring, aerometeorologik, gidrogeologik va gidrologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Olingan maʼlumotlar loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida ekspertizadan oʻtkazish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, loyihani amalga oshirish uchun ishonchli asos yaratadi.

    Yigʻilish barcha ishtirokchilarning kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi. Ushbu loyiha mamlakat energetika sohasini rivojlantirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich hisoblanadi.

    Ishtirokchilar belgilangan maqsadlarga erishish uchun birgalikda ishlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Eslatib oʻtamiz, ushbu shtab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga koʻra loyiha ishtirokchilarining oʻzaro samarali hamkorligini taʼminlash va kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bilan bogʻliq vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.