Tanzila Narbayeva oʻz nutqida ishtirokchilarini samimiy qutlar ekan, 2020-yil dekabr oyida Muloqot tashkil etilganidan buyon bir qancha uchrashuvlar oʻtkazilgani, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu yoʻnalishda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama etilganini taʼkidladi.
Parlament yuqori palatasi rahbari T. Narbayeva Forum alohida ahamiyatga ega ekanini va Yetakchi ayollar muloqotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi. Chunki uning aʼzolari birinchi marta toʻliq tarkibda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi doirasida yuzma-yuz uchrashuvga toʻplandilar.
Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari xotin-qizlarining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar jarayonlarda faol rol oʻynashga, shu orqali mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bu boradagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi intilishlarining eng yuqori darajada eʼtirof etilishi va qoʻllab-quvvatlanishi hisoblanadi.
Forum Deklaratsiyasining qabul qilinishi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va keng jamoatchilikka dolzarb mintaqaviy va global masalalarni birgalikda hal etishga koʻmaklashish, koʻp qirrali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlariga oid masalalar yuzasidan nuqtayi nazar va istaklarni umumlashtirish uchun noyob imkoniyat ekani taʼkidlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.