"Forum", "Konferensiya", "Kongress", "Seminar", "Simpozium" tushunchalari o'rtasidagi farqlar nimalardan iborat?

    Forum — mintaqaviy yoki global muammolarni aniqlash va muhokama qilish uchun o'tkaziladigan tadbir. Forumning asosiy maqsadi — bu muhokama. Ya'ni forumni muhokama, mushohada maydonchasi deb atash mumkin.

    Forumda mavzuga oid g'oyalar ko'tarilib, fikr almashiladi. Bu tushuncha mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va boshqa ko'plab sohalarida qo'llanadi.

    Odatda, forum rasmiy va norasmiy tarzda, asosan erkin formatda bo'lib, unda har kim o'z fikrini bildirishi mumkin.

    Konferensiya — muayyan mavzuni muhokama qilish uchun tashkilot, mutaxassis, taniqli insonlar ishtirokida o'tkaziladigan tadbir. Konferensiyada ishtirokchilar uchun tavsiyalar berilib, so'ngida qaror qabul qilinadi. Xalqaro konferensiyalar esa bu ko'p tomonlama diplomatik muzokaralarni qamrab olgan tadbirdir.

    Ilmiy kontekstda konferensiya akademik masalalarni muhokama qiladigan, sohadagi muammolarga echim beradigan yoki tadqiqotchi olimlar o'z ishlarini taqdim etadigan yig'ilish sanaladi.

    Konferensiya format jihatidan kattaroq yig'ilish bo'lib, odatda u kengroq muhitda bir necha kun davomida bo'lib o'tishi mumkin. Konferensiya bir qator tadbirlar (forumlar, seminarlar, hisobot taqdimotlari, debatlar)ni o'z ichiga olishi mumkin.

    Kongress konferensiyadan miqyos nuqtai nazardan farq qiladi. Kongress yanada kengroq, xalqaro tushuncha sanaladi. Kongress doirasida ko'plab konferensiyalar bo'lib o'tishi mumkin.

    Kongressda ishtirokchilarning chiqishlari ma'lum reglament qoidalar asosida tashkil qilinadi. Ilmiy kongressda ilm-fan sohasidagi munozarali masalalarni muhokama qilish, echim taklif qilish uchun olimlar yig'iladi.

    Ko'p holatlarda ma'lum sohadagi kongress yiliga bir marotaba o'tkazilib, unda yutuqlar va natijalar yoritiladi.

    Odatda, kongressda sohaning etuk liderlari, taniqli insonlar ishtirok etib, bir qator taklif qilingan muzokaralarni o'z ichiga oladi.

    Simpozium — ma'lum bir muammoga (tor mavzuga) bag'ishlangan ilmiy konferensiya. Ko'pincha u xalqaro darajada tashkil etiladi.

    Seminar esa aniq masalaning muhokamasiga bag'ishlangan o'quv-ma'rifiy mashg'ulotlarning bir turi. Seminar muayyan shaxs (professor ilmiy rahbar, tyutor) boshchiligidagi guruh uchrashuvi.

    Seminarda ishtirokchilar ma'lum bir mavzuni o'rganish uchun ishtirok etadi. Uning formati — ma'lum bir malakani oshirish uchun tashkil qilinadigan amaliy tadbir. Seminarlar turli hajmda bo'lishi mumkin, lekin odatda ular nisbatan kichik guruhlar uchun tashkil qilinadi.

    Sardor Usmanov,

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Аxborot xizmati rahbari.