Qishloq xoʻjaligi vazirligining maʼlum qilishicha, paxta xom ashyosini yetkazib berish boʻyicha forvard shartnomalarini tuzish yoʻlga qoʻyildi.
Bunda, fermer xoʻjaliklari forvard shartnomalarini tuzish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligining “CropAgro” axborot tizimi dagi kabinetga kirgan holda, “Kutilayotgan hosildorlik boʻyicha forvard shartnomasini tuzish” tugmasi bosiladi va kutilayotgan hosildorlik kiritiladi va saqlash tugmasini bosish yetarli boʻladi. Maʼlumotlar esa Birjaning axborot tizimiga integratsiya orqali yuboriladi.
Savdoga chiqariladigan va tonnalarda koʻrsatilgan miqdor avval birjada sotilgan fyuchers shartnomasidagi miqdor asosida avtomatik tarzda hisoblab koʻrsatiladi. Forvard shartnomasi boʻyicha esa paxta xom ashyosi xoʻjaliklarning oʻz mablagʻlari yoki tijorat kreditlari hisobiga yetishtiriladi, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, forvard shartnomalari xoʻjalik va qayta ishlovchilar oʻrtasida oʻzaro kelishilgan narxda tuziladi, yaʼni fyuchers shartnomalari uchun belgilangan boshlangʻich narxlardan tashqarida tuzilishi mumkin.
Shuningdek, paxta xom ashyosini oʻz mablagʻlari va tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, birjada sotgan xoʻjaliklarga shakllangan hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.