Fotoradar oʻrnatilgan avtomobil YXTga uchradi

    Olmaliqda piyoda yoʻl berish uchun fotoradar oʻrnatilgan avtomashina toʻxtagan vaqtda uning ortidan «Lacetti» rusumli avtomashina kelib urildi.

    Bu haqda Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati xabar berdi.

    Shu yilning 3-iyul kuni kech soat taxminan 17:30larda Olmaliq shahri hududidan oʻtgan (4R17 Olmaliq -Toshkent) avtomobil yoʻlida haydovchi 2000-yilda tugʻilgan Sh.I. (Rossiya Federatsiyasi fuqarosi) «Lacetti« avtomobilida oraliq masofani saqlamasdan, oʻzidan oldindagi piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan piyodaga yoʻl berish uchun toʻxtagan haydovchi 1990-yilda tugʻilgan Y.H. (IIO xodimi) boshqaruvidagi «Cobalt« rusumli (fotoradar oʻrnatilgan) avtomobilni orqa qismiga kelib urilib, yoʻl-transport hodisasi sodir etdi.

    Ushbu yoʻl transport hodisasi oqibatida transport vositalari texnik shikastlangan va tan-jarohati olgan fuqarolar yoʻq.

    Hozirda holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.