Bugun Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Yevropa davlatlarida vaqtincha bo‘lib turgan va COVID-19 tufayli yurtimizga qaytib ketolmagan vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida Toshkent – Frankfurt-Mayn – Toshkent yo‘nalishida navbatdagi charter reys tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi samolyoti bortida Germaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Norvegiya va Belgiya davlatlaridan 172 nafar yo‘lovchi, jumladan, o‘zbekistonlik talabalar, sayyoh sifatida kelganlar, qarindoshlarining uylarida vaqtincha bo‘lib turgan hamyurtlarimiz, shuningdek, yurtimizdagi turli ishlab chiqarish korxonalarining xorijiy mutaxassislari joy oldi.

Aytish joiz, bundan avval Frankfurt-Mayn – Toshkent yo‘nalishida 370 nafar hamyurtimiz maxsus reysda O‘zbekistonga olib kelingan edi.

– Avvalo xalqimizni kirib kelayotgan yurtimiz Mustaqilligimizning 29 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman, —dedi vatandosh Nuriddin Umirov. —Hukumatimiz tomondan xorijda mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan biz yoshlarga qaratilayotgan e’tibordan juda xursandmiz.

Germaniyadagi ta’tildan unumli foydalangan holda bugungi maxsus reys bilan Vatanga yo‘l oldik. Ushbu charter reysni tashkil qilgan barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Nasib qilsa Vatanga, ota-onamiz bag‘riga sog‘-salomat yetib olib, bayramni munosib nishonlaymiz. O‘zbekistonda Germaniya «sariq zona» hududga kiritilganini inobatga olib karantin vaqtini ham o‘z uyimizda o‘tkazishmiz haqidagi xabar bizni yanada quvontirmoqda.

— Birinchi navbatda ushbu charter reysni tashkil etgani uchun hukumatitimizga minnatdorlik bildiraman, — dedi hamyurtimiz Ismoil Jo‘rayev. —Men qatori Yevropaning ko‘pgina davlatlarida qolib ketgan yurtdoshlarimiz uchun Vatanga qaytishga imkoniyat yaratib berishdi. Bugungi pandemiya paytida mazkur ishlar davlatimiz tomondan hamyurtlarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiboridan dalolatdir.

Fursatdan foydalanib yurtdoshlarimizni jonajon O‘zbekistonimiz Mustaqilligining 29 yyilligi bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.