Fransiya karantinni qayta tiklaydi

    Fransiya prezidenti Еmmanuel Makron mamlakatda koronavirus epidemiyasining keskin oshishi munosabati bilan ikkinchi umummilliy karantinni e'lon qildi. Bu galgi cheklov juma kuni yarim tunda boshlanadi va 1 dekabrga qadar davom etadi.

    Euronews xabariga ko'ra, bahorgi karantindan farqli o'laroq, bolalar bog'chalari va maktablar ochiq qoladi. Universitet talabalarini iloji bo'lsa masofadan o'qitishga o'tishlari tavsiya qilinadi. Qariyalar uylari ham ochiq qoladi, yaqinlari qattiq sanitariya choralari ostida ularni ko'rgani kelishlari mumkin. Muhim ehtiyojlar ro'yxatiga kiritilmagan restoran va barlar, savdo shoxobchalari yopiladi.

    “Koronavirus bizni, Evropani yana hayratga soldi. Ispaniya, Irlandiya, Niderlandiya kabi ba'zi mamlakatlar bizdan oldin qattiq choralar ko'rishdi. Shunga qaramay, bugun hammamiz bir nuqtada turibmiz: bizni ikkinchi to'lqin qamrab oldi, hozir taxmin qilayotganimizdek, u birinchisidan ko'ra kattaroq va halokatliroq bo'lib chiqadi”, — dedi Makron.

    “Iqtisodiyot to'xtamasligi ham, qulamasligi ham kerak”, deb ta'kidladi u. Shuning uchun davlat idoralari, fabrikalar va qishloq xo'jaligi korxonalari ishlaydi. Turli sabablarga ko'ra o'z faoliyatini davom ettira olmaydiganlar uchun Fransiya Prezidenti yarim ish kunilik mexanizmni qayta ishga tushirishga va'da berdi. Shengen mintaqasining tashqi chegaralari hozircha yopiq bo'lib qoladi, deya qo'shimcha qildi u.

    Ikki hafta o'tgach, davlat rahbari epidemiyani to'xtatish mumkin bo'lsa, karantinni kamaytirishni va'da qildi.