Uzbektourism.uz veb-sayti maʼlumotiga koʻra, “Bildirsoy – Chimyon – Nanay” xalqaro mavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish loyiha idorasi» davlat unitar korxonasi tomonidan “Chimyon turistik zonasini qurish” loyihasi doirasida eʼlon qilingan tenderda Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” (MND) kompaniyasi gʻolib deb topilgan edi.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasining 9-yigʻilishi doirasida “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurort obyektlarini qurish boʻyicha “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha loyiha ofisi hamda Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” (MND) kompaniyasi oʻrtasida shartnoma imzolangan.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida mamlakatimiz aholisiga ham, xorijlik mehmonlarga ham ochiq havoda hordiq chiqarishning har xil turlarini taklif etadigan xalqaro darajadagi umummavsumiy majmua tashkil etiladi.
Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2515 metr balandlikka koʻtariladigan gondol tipidagi 10 kishilik oraliq osma yoʻli va 3309 metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik asosiy osma yoʻli quriladi. Kurort bunday inshootlarga ega boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanadi. Shuningdek, unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi. Umumiy uzunligi 20 km dan ortiq boʻlgan turli darajadagi 11 ta changʻi uchish joylari, 6000 nafar turistga moʻljallangan mehmonxona majmualari va kottejlar quriladi.
Ushbu yirik loyidan koʻzlangan maqsad xalqaro miqyosdagi umummavsumiy kurort, sayyohlik joylari va turli koʻngilochar attraksionlar hamda osma yoʻllarga ega yangi turistik majmualarni qurish orqali hududning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish, Toshkent viloyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizning togʻli hududlarida ommaviy sportni ragʻbatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va yangi ish oʻrinlari tashkil qilishdir.
Natijada yiliga 3,1 million kishiga xizmat qiladigan xalqaro umummavsumiy kurort tashkil etiladi hamda 451ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.