Uning ta'kidlashicha, Rossiya va Ukraina o'rtasida bir oylik muddatga mo'ljallangan vaqtinchalik sulh imzolanishi havo va dengizdagi zarbalardan, shuningdek, energetika infratuzilmasiga hujumlardan voz kechishni nazarda tutadi.

“Agar o't ochish to'xtatilgan taqdirda, uning frontda rioya qilinayotganini tekshirish juda qiyin bo'ladi”, dedi Makron va front chizig'i uzunligi Parijdan Budapeshtgacha bo'lgan masofaga teng ekanligini qo'shimcha qildi.

Unga ko'ra, “yaqin haftalarda Ukraina tuprog'ida Yevropa qo'shinlari bo'lmaydi”. Muzokaralar ko'p haftalar davom etishi va tinchlik bitimi imzolangandan keyin tinchlikparvar kuchlar safarbar etilishi mumkin.

Fransiya rahbari qo'shimcha qilganidek, uning mamlakati va boshqa Yevropa davlatlari yalpi ichki mahsulotining 3-3,5 foizini mudofaaga sarflashlari kerak.

“Yevropa komissiyasi mudofaa xarajatlarini moliyalashtirishga yanada ijodiy yondashishi kerak”, dedi Makron.

Eslatib o'tamiz, 28-fevral kuni Zelenskiy Oq uyda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan edi. Suhbat chog'ida Ukraina Prezidenti AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan, so'ngra Tramp bilan ommaviy bahsga kirishib ketgandi, deb xabar beradi kaktus.media.