Fransiya terma jamoasi final uchun kamida 28 million yevro oladi

    “Moviylar” 40 million yevrolik mukofotga ham yaqin turibdi.

    Fransiya terma jamoasi Qatarda boʻlib oʻtayotgan mundialning yarim finalida kecha Marokashni 2:0 hisobida yengib, oʻz tarixida 4-marotaba finalga yoʻl oldi. Terma jamoa buning uchun 28 million yevro oladi.

    Mukofotlar jadvali boʻyicha, finalga chiqqan jamoalarga kamida 28 million yevro beriladi, yana turnirga tayyorgarlik xarajatlari uchun qoʻshimcha 1,5 million yevro ham koʻzda tutilgan, deb xabar bermoqda “Europe1”.

    Kelayotgan yakshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da Doxada Fransiya bilan Argentina oʻrtasida final uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Gʻolib jamoaga 40 million yevro vaʼda qilingan. Bu 2018-yildagi jahon chempionati gʻolibiga berilgan mukofot pulidan ancha koʻp. Oʻshanda ham Fransiya chempion boʻlgan edi va 32,5 million yevro bilan taqdirlangandi.

    Uchinchi oʻrin uchun boʻladigan oʻyinning gʻolibi FIFA tomonidan 27 million yevro bilan mukofotlanadi. “Kichik final” deb taʼriflanayotgan bu oʻyinda shanba kuni Marokash va Xorvatiya yuzma-yuz keladi.

    “RMC Sport” xabariga koʻra, Fransiya futbol federatsiyasi FIFA tomonidan taqdim etilgan mablagʻning 30 foizini boʻlishmoqchi. Fransiya terma jamoasi chempionlikni qoʻlga kiritsa, futbolchilarning har biri 400 mingdan oladi.

    Ikkinchi oʻrinni egallagan taqdirda bu miqdor 250 ming yevroga tushadi. Fransiyalik jurnalistlarning taʼkidlashicha, barcha pullar xayriya ishlariga yoʻnaltiriladi.