Fransiya josuslik xizmatlari uzoq 2009-yildayoq amerikalik hamkasblarini Xitoyning Uxan laboratoriyasidagi biologik xavfsizlik muammolari haqida ogohlantirib, uning oqibati insoniyatga katta kulfat keltirishi mumkinligini taxmin qilgan edi.
Oradan oʻn yil oʻtib, 2019-yilda katta ehtimol bilan aytganda aynan ushbu laboratoriyadan yangi turdagi koronavirus infeksiyasi – COVID-19 tarqaldi.
interpress.uz saytining qayd etishicha, Parij va Pekin oʻrtasida 2004-yilda Uxan shahrida yuqori texnologiyali maxsus laboratoriya yaratish boʻyicha kelishuv imzolangan. Markaz ishga tushgach, fransiyaliklar koʻp yillar davomida muassasada eng xavfli viruslar sohasida oʻtkazilayotgan tadqiqotlar ustidan nazorat oʻrnatib kelgan.
2017-yilda tomonlar oʻrtasida kelib chiqqan kelishmovchilik ortidan Xitoy fransiyalik mutaxassislarni loyihadan chetlashtirib, mamlakatdan chiqarib yuboradi. Bu voqeadan ikki yil oʻtgach, bugungi kunda butun dunyoni larzaga solayotgan oʻta xavfli virus Uxanda tarqalishni boshlagan.