Yongʻin allaqachon 19,3 ming gektar oʻrmonni yoʻq qilgan. Ayni paytda yongʻinga qarshi 2000 nafar oʻt oʻchiruvchi kurashmoqda.
Kuchli yongʻin va shamol tufayli Bordo shahri deyarli butunlay tutun bilan qoplangan. Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda koʻchalardagi kuchli tuman va shaharning kulrang osmoni fotosuratlarini joylashtirmoqda, shuningdek, kuyik hididan shikoyat qilmoqda.
Yongʻinlar gʻayritabiiy issiq ob-havo sharoitida avj oldi. Seshanba kuni mahalliy meteorologiya xizmatlari mamlakat gʻarbida xavfning oʻta yuqori – “qizil” darajasini eʼlon qildi. Bugun baʼzi hududlarda havo harorati Selsiy boʻyicha 40 darajadan oshishi kutilmoqda.
Yuqori harorat va yongʻin Ispaniyada ham odamlarni qiynamoqda. Sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, salkam bir hafta davom etgan jazirama taʼsiridan 360 kishi halok boʻlgan.
Malaga provinsiyasidagi Mijas shahri yaqinida sodir boʻlgan yirik yongʻin tufayli 3000 dan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Bu yerda 2 ming gektarga yaqin oʻrmon yonib ketgan. Yongʻinni oʻchirish Kastiliya va Leon markaziy mintaqasida va shimoldagi Galisiyada ham davom etmoqda.
Garchand Portugaliyada soʻnggi kunlarda 40 daraja yuqori boʻlgan harorat pasaygan boʻlsa-da, 200 dan ortiq odam issiqdan halok boʻlgan.
Porto shimoli-sharqida oʻt oʻchiruvchilar aviatsiya va boshqa texnikalar koʻmagida yongʻin oʻchogʻi bilan kurashishda davom etmoqda. Olov 2017-yildan beri eng yirik – 10 minglab gektar maydonlarni yoʻq qildi.