Fransiyada navbatdan tashqari parlament saylovining birinchi turi o'tkazildi

    Fransiyadagi parlament saylovlarining birinchi turida o'ng qanot “Milliy birlashish” va unga ittifoqchi kuchlar 33,4 foiz ovoz to'plab, g'alaba qozondi.

    Bu haqda Parisien gazetasi mamlakat ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga tayanib xabar berdi.

    Ikkinchi o'rinni 27,98 foiz bilan “Yangi xalq fronti” so'l koalitsiyasi, uchinchi o'rinni esa 20,76 foiz ovoz bilan Prezident Emmanuel Makron koalitsiyasi egalladi. To'rtinchi o'rinni 6,56 foiz bilan “respublikachilar” qo'lga kiritgan bo'lsa, 3,67 foiz ovoz boshqa siyosiy kuchlarga nasib etdi.

    Parlament saylovlarining birinchi bosqichi natijalariga ko'ra, “Milliy birlashish”dan 39 deputat, “Yangi xalq fronti”dan 32 deputat, Makron koalitsiyasidan ikki nafar deputat, respublikachilardan bir deputat va boshqa partiyalardan ikki nafar deputat saylandi.

    Saylovchilarning 66,71 foizi ishtirok etdi.

    Birinchi turda g'alaba qozonish uchun nomzodlar 50 foizdan ko'proq ovoz olishlari, ovozlar soni esa okrug bo'yicha ro'yxatga olingan saylovchilar umumiy sonining kamida 25 foizini tashkil qilishi kerak edi.

    Fransiya Milliy assambleyasidagi parlament o'rinlarining umumiy soni 577. Parlamentdagi mutlaq ko'pchilik o'ringa ega bo'lish uchun partiyadan 289 deputat saylanishi kerak.

    Fransiyada yakshanba kuni mamlakat parlamentining quyi palatasi – Milliy assambleyaga navbatdan tashqari saylovlarning birinchi bosqichi bo'lib o'tdi.

    Ikkinchi tur 7-iyul kuni bo'lib o'tadi, deb xabar beradi ria.ru.