Fransiyada Oʻzbekiston toʻqimachilik sohasiga katta qiziqish bildirildi

    Biznes 9 Fevral 2023 1000

    Parijda “Premiere Vision” toʻqimachilik va tikuv-trikotaj koʻrgazmalaridan biri doirasida “Oʻzbekiston: Fransiya brendlari uchun autsoursingning yangi imkoniyatlari” mavzusida biznes-forum oʻtkazildi.

    Tadbirda Oʻzbekistonda toʻqimachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan izchil chora-tadbirlar, xususan, klaster tizimini yaratish, sohaga oid turli koʻrgazmalar oʻtkazish, eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar haqida maʼlumot taqdim etildi.

    Toʻqimachilik mahsulotlarini jahon bozoriga eksport qilish, sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb etish yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida soʻzlab berildi. Oʻzbekistonga Yevropa Ittifoqi preferensiyalar bosh tizimi (GSP+) boʻyicha benefitsiar mamlakat maqomining berilishi hamda “Cotton Campaign” boykotining bekor qilingani toʻqimachilik sohasida xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochganiga urgʻu berildi.

    Fransiya toʻqimachilik sanoati uyushmasi (UIT) eksport komissiyasi prezidenti Beatris Brandt “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan 2022-yilda imzolangan Anglashuv memorandumi asosida faol hamkorlik qilinayotganini taʼkidladi.

    U Oʻzbekistonga 2022-yil oktyabr oyida Fransiya toʻqimachilik sanoati uyushmasi boshchiligidagi biznes missiya samarali tashkil qilingani va respublika toʻqimachilik sohasining ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishganini hamda ushbu safar asosida oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olinganini qayd etdi.

    Xususan, “UIT” Oʻzbekiston kompaniyalari mahsulotlarini Fransiyaga eksport qilish, Yevropa bozoriga kirish boʻyicha strategiya ishlab chiqishga koʻmaklashish, stilist va dizaynerlarning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish hamda Fransiyada toʻqimachilik va moda sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirishga yordam berishga tayyorligini taʼkidladi.

    “Premiere Vision” koʻrgazmasi prezidenti Filipp Paske Oʻzbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan tizimli oʻzgarishlar, respublikaning ulkan ishlab chiqarish salohiyatiga eʼtibor qaratdi. Mamlakatning GSP+ benefitsiar maqomini olishi toʻqimachilik korxonalarining taniqli brendlarning global taʼminot zanjirlariga qoʻshilishiga yangi imkoniyatlar yaratganini alohida taʼkidladi.

    Shu nuqtayi nazardan, u bugun fransuz brendlari Oʻzbekistonga qiziqish bildirayotganini, bunga yaqqol misol tarzida uchta oʻzbek kompaniyasi (“Ideal Garments”, “BST”, “Osborne”) “Premiere Vision” koʻrgazmasi tashkiliy qoʻmitasi tanlov komissiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgani va unda ishtirok etayotganini urgʻuladi. “Ishonchim komilki, Oʻzbekiston kompaniyalarining soni bizning koʻrgazmamizda tobora oshib boraverdi”, — dedi Filipp Paske.

    Tadbir doirasida Fransiyalik hamkorlar bilan Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatini keng targʻib etish, mahsulot eksport geografiyasini yanada kengaytirish, Fransiya brendlari va riteylerlari, soursing kompaniyalarini jalb etishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.