Fransiyadagi parlament saylovida “Yangi xalq fronti” koalitsiyasi g'alaba qozondi

    Fransiyada bo'lib o'tgan parlament saylovida “Yangi xalq fronti” chap qanot koalitsiyasi g'alaba qozonib, Milliy assambleyadagi 182 deputatlik o'rinlarini qo'lga kiritdi.

    Bu haqda Fransiya ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

    Prezident Emmanuel Makronning “Birgalikda” liberal-markaziy kuchlar koalitsiyasi ikkinchi o'rinni egalladi. U parlament quyi palatasida 168 o'ringa ega bo'ladi. Marin Le Penning o'ng qanot “Milliy birlashish” partiyasi uchinchi natijani ko'rsatdi. U 143 ta deputatlik o'rnini qo'lga kiritdi.

    Bungacha Fransiya bosh vaziri Gabriel Attal 8-iyul kuni iste'foga chiqishini ma'lum qilgandi. U zarur bo'lgan vaqtgacha hukumat rahbari lavozimida ishlashga tayyor ekanligini ta'kidladi.

    7-iyul kuni “Milliy birlashish” partiyasi yetakchisi Jordan Bardella fraksiya Fransiya parlamentiga bo'lib o'tgan saylovlarda deputatlar sonini ikki barobarga oshirib, tarixiy yutuqni amalga oshirganini aytdi.

    Shuningdek, Fransiyadagi navbatdan tashqari parlament saylovlarining ikkinchi bosqichi natijalariga ko'ra, siyosiy bloklarning hech biri mutlaq ko'pchilik 289 o'rinni qo'lga kirita olmagani ma'lum bo'ldi, deb xabar beradi gazeta.ru.