Uchrashuvda Oʻzbekistonda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

“École de Chaillot” direktori Benua Melon maktab tarixi, uning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida taqdimot qildi.

Uning aytishicha, maktab 1887-yilda tashkil etilgan va hozirgi paytda ushbu taʼlim muassasasida 10 ta mamlakatdan 130 nafar talaba tahsil olmoqda. Maktabda 110 dan ortiq oʻqituvchi, arxitektor va professor faoliyat yuritadi. “École de Chaillot” madaniy meros va arxitektura yodgorliklari va obyektlari sohasi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi daraja diplomini beradi. Bundan tashqari, mazkur muassasa jamoat arxitektori va shaharsozlik yoʻnalishida ham yuqori malakali kadrlar tayyorlaydi. Maktab madaniy meros va arxitektura obyektlarini saqlash, konservatsiya va restavratsiya qilish sohasida 30 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

“École de Chaillot” maktabi oʻqituvchisi Elsa Rikoning 2021-yilda “Shahrisabz tarixiy markazi” regeneratsiya va master-plan loyihasi boʻyicha ekspertlar missiyasida ishtirok etgan.

Fransuz tomoni oʻzbek meʼmorchilik va tarixiy binolarning xususiyatidan kelib chiqib, birgalikda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohalarida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, shaharsozlik nuqtayi nazaridan madaniy meros binolarini boshqarish va yerdan foydalanishni rejalashtirish, shahar merosini muhofaza qilish, tarixiy markazlarni boshqarish va kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish mumkinligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida “École de Chaillot” va Oʻzbekistonning tegishli arxitektura institutlari bilan hamkorlik oʻrnatish, fransuz mutaxassislari ishtirokida seminar-treninglar tashkil qilish, shuningdek, “Shahrisabz tarixiy markazi” regeneratsiya va master-plan loyihasiga ushbu maktab mutaxassislarini jalb etishga kelishib olindi.