Bog‘ning tantanali ochilish marosimida O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Samarqand viloyati hokimiyati delegatsiyasi, Tuluza shahri meriyasi, Fransiyaning ilmiy-akademik, madaniy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.
O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi elchisi Sardor Rustamboyev o‘z nutqida Tuluza meriyasi va Samarqand viloyati hokimiyatiga ushbu loyiha amalga oshirilgani munosabati bilan minnatdorlik bildirdi. «Ushbu ko‘rkam bog‘ O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi mustahkam aloqalarning belgisidir, dedi elchi. Tuluzada yaratilgan «O‘zbek bog‘i» O‘zbekistoning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanadi».
Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Xaydarov Fransiyaning Tuluza shahrida «O‘zbek bog‘i»ning tashkil etilganligi o‘zaro do‘stona aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi saʼy-harakatlarning yaqqol samarasi ekanligini taʼkidladi.
«O‘ylaymanki, Tuluza shahridagi tashkil etilgan ushbu bog‘ O‘zbekiston va Fransiya hududlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona aloqalarning ramzi bo‘lib qoladi. Shuningdek, o‘zbek madaniyati va tarixini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi», dedi u.
Tuluza shahri merining o‘rinbosari Maksim Boyyo O‘zbekiston hukumatiga «O‘zbek bog‘i»ni yaratish bo‘yicha loyihasi uchun tashakkur izhor etdi. Uning aytishicha, ushbu bog‘ Fransiyaning so‘nggi yillarda ommalashib borayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish siyosatida to‘la mos keladi. Bog‘ hududiga ekilgan O‘zbekistoning noyob ko‘chatlari o‘z mamlakati jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otishiga ishonch bildirdi.
«O‘zbekiston insoniyat sivilizatsiyasining ravnaqiga, dunyo ilm-fani va maʼrifati yuksalishiga katta hissa qo‘shgan buyuk olimlar yurti ekani bilan ham diqqatga sazovor. Hozirgi kunda ham zamonaviy O‘zbekistonning dunyo taraqqiyotida alohida o‘rni bor», dedi Maksim Boyyo.
Tadbirda ishtirok etgan mehmonlar “O‘zbek bog‘i” bilan yaqindan tanishib, ekilgan ko‘chatlarga katta qiziqish bildirishdi. Ular ushbu bog‘ tez orada tuluzaliklar va shahar mehmonlarining eng sevimli maskanlaridan biriga aylanishiga umid bildirishdi.
«O‘zbekiston hukumati ko‘magida tashkil etilgan «O‘zbek bog‘i»ning ochilish marosimida ishtirok etganimdan juda xursandman. Ushbu majmua albatta shaharimiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Buning uchun Samarqand viloyati hokimligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasiga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu bog‘ nafaqat «O‘zbek bog‘i», balki O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi «Do‘stlik bog‘i» ham bo‘lib qoladi.
Tuluza botanika bog‘i shahar markazidagi 3 gektar maydonda barpo etilgan. Unda dunyoning turli mintaqalaridan olib kelingan noyob ko‘chatlar ekilgan. «O‘zbek bog‘i» botanika bog‘ining 400 kv. metr maydonida yaratildi. Bog‘ hududida O‘zbekistondan olib kelingan noyob ko‘chatlar, jumladan, Turkiston chinori, Turkiston do‘lanasi, olchasimon olxo‘ri, bodom, gilos va o‘rik ko‘chatlari ekildi.
Maʼlumot o‘rnida shuni ham qayd etish joizki, 2019 yili Fransiyaning Ruey Malmezon shahrida Buxoro viloyati hokimligi ko‘magida «O‘zbek bog‘i» yaratilgan edi.