Fransuz biznesi Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytiradi

    Biznes 18 Noyabr 2022 1387

    Joriy yil 17-noyabrda Hukumat delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Fransiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompaniyalarning ishtirok etish istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlangan ushbu muzokaralarda mamlakatimiz manfaatdor vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Xususan, “Alstom” kompaniyasining bosh direktori Anri Pupar-Lafarj bilan suhbat chogʻida shahar jamoat transportini tashkil etish sohasida kompaniyaning yechimlarini joriy qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Maʼlumot uchun: 1928-yilda tashkil etilgan Alstom temir yoʻl transporti ishlab chiqaradigan eng yirik mashinasozlik kompaniyalaridan biridir. Uning shtati taxminan 74 ming kishini tashkil etadi. Shuningdek, kompaniya transport va yoʻlovchilar oqimini raqamli boshqarish boʻyicha yechimlarni ishlab chiqadi. Kompaniya dunyoning 70 mamlakatida amalga oshirgan sotuv savdo aylanmasining hajmi 2021-yilda 15,5 milliard yevroni tashkil etdi.

    Uchrashuv doirasida tomonlar yangi loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlarini batafsil ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

    Voltaliya kompaniyasi bosh ijrochi direktori Sebastyan Klerk bilan Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompaniyaning ishtirok etish istiqbollari muhokama etildi.

    Maʼlumot uchun: Voltaliya 2005-yilda tashkil etilgan. Kompaniya obyektlarining umumiy quvvati 1,9 GVt va istiqbolli loyihalar portfeli 10,7 GVt dan oshadi. Kompaniya dunyoning 20 mamlakatida faoliyat olib boradi.

    Muloqot davomida kompaniyaning butun dunyo boʻylab elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bilan birga obyektlarning ishonchliligi va ish sifatining yuqori darajasini taʼminlash boʻyicha katta tajribasi taʼkidlandi. Kompaniya rahbariyati, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda vakolatxona ochish va muqobil energetika obyektlarini qurishga qiziqish bildirdi.

    Orano Mining kompaniyasining Bosh direktori Nikolya Meys bilan uchrashuvda tomonlar investitsiya hamkorligini kengaytirishning hozirgi holati va istiqbollarini konstruktiv tarzda muhokama qildilar.

    Energetika sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Orano kompaniyasi rahbariyati oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildiryapti. Shu munosabat bilan aniq loyihalarni muhokama qilish jarayonida Oʻzbekiston tomoni mamlakatimizda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda investorlarga toʻliq yordam koʻrsatishga tayyorligini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.