Oʻzbekistonlik fransuz tili oʻqituvchilari Fransiyada stajirovka oʻtaydi

    Joriy yilning 17-yanvar kuni A. Avloniy ilmiy-tadqiqot institut direktori A. Radjiyev Fransiya elchixonasining taʼlim hamkorligi boʻyicha mintaqaviy attashesi Serj Bellini hamda elchixonaning madaniy va texnik hamkorlik boʻlimi xodimi Ulugʻbek Mansurov bilan navbatdagi uchinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvlar natijasiga koʻra, maktablarda faoliyat yuritayotgan fransuz tili oʻqituvchilari uchun ikki yoʻnalishda malaka oshirish jarayonini tashkil etish boʻyicha hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

    Bunda:

    • bir tomondan, yuqori natija koʻrsatgan fransuz tili oʻqituvchilari uchun Fransiya davlatining ilgʻor taʼlim muassasalariga stajirovka va xizmat safarlarini uyushtirish;
    • ikkinchi tomondan, Fransiya elchixonasi hamkorligida maktablardagi jami 2761 nafar fransuz tili oʻqituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etishga qaratilgan loyiha olib borish rejalashtirildi.

    Koʻzda tutilayotgan loyihaning birinchi bosqichi doirasida har bir hududdan uchtadan jami 42 nafar S1 darajaga ega boʻlgan fransuz tili oʻqituvchilar tanlab olinishi va fransuz mutaxassislari tomonidan yaratilgan dastur asosida trenerlikka tayyorlov kurslari boʻyicha malaka oshirishi belgilandi.

    Keyinchalik, ular yordamida joriy yilda fransuz tili oʻqituvchilari uchun sayyor guruhlar tomonidan anʼanaviy shaklda hamda “Uzluksiz kasbiy taʼlim” LMS platformasidagi loyiha doirasida yaratiladigan videodarslar orqali masofaviy malaka oshirish kurslarini olib borish rejalashtirildi.

    Shuningdek, uchrashuv davomida mamlakatimizda fransuz tilini xorijiy til sifatida oʻrganishni rivojlantirish va maktab oʻquvchilarining fransuz tilida nutq koʻnikmalarini oshirish boʻyicha janob Bellini tomonidan Milliy dastur, darsliklar va malaka oshirish tizimini uygʻunlashtirish, Fransiyadagi yetakchi nashriyotlar (Hachette, Didier FLE, CLE International) tomonidan fransuz tilini xorijiy til sifatida oʻqitishga qaratilgan darsliklarni mahalliylashtirish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida bir qator takliflar berildi. Bundan tashqari, janob Bellini Fransiya davlati Yevropa Ittifoqining 2022-yilning dastlabki 6 oyi uchun “rais” etib saylanganligini va bundan mamlakatimizda boshqa Yevropa tillarini oʻqitish tizimini rivojlantirish uchun ham foydalanish mumkinligini taʼkidladi.

    Hamkorlikning keyingi qadami sifatida loyiha ishchi guruhini shakllantirish hamda joriy yilning 21-yanvar kuni janob Bellini ishtirokida A. Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti binosida loyiha yoʻl xaritasini ishlab chiqishga qaratilgan ishchi guruhning birinchi uchrashuvini oʻtkazishga kelishib olindi.