Belgilanishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) ftiziatriya va pulmonologiya kasalliklarini profilaktika qilish, tashxislash, davolash hamda mazkur sohalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash boʻyicha respublikada bosh muassasa hisoblanadi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

- sogʻliqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish va modernizatsiya qilish;

- ftiziatriya va pulmonologiya yoʻnalishida viloyat (respublika), tuman (shahar) hududiy tibbiyot muassasalari oʻrtasida tizimli uzviy bogʻliqlikni hamda uslubiy vertikal boshqaruvni taʼminlash;

- tuman (shahar) ftiziatriya muassasalari qoshida kunduzgi statsionarlarni tashkil etish orqali aholiga malakali ftiziatriya va pulmonologik tibbiy yordam koʻrsatish hajmini oshirish hamda respublika ftiziatriya reabilitatsiya markazlarida oʻpka nospetsifik kasalliklarining shifoxonadan keyingi davrdagi kuzatuvini tashkillashtirish;

- tuberkulyoz va oʻpka nospetsifik kasalliklari boʻyicha epidemik vaziyatni muntazam tahlil qilish va monitoringini olib borish, bemorlarning milliy elektron reyestrini yuritish va boshqalar.

Hujjat bilan 2023-2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi.

Quyidagilar tashkil etiladi:

- tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar tarkibidagi ftiziopulmonologiya boʻlimlari;

- tungi uyqu sifati va nafas olish funksiyasi buzilishlarini tashxislash va davolash maqsadida “Uyqu apnoe” markazlari.

2023-yildan boshlab quyidagi yillik koʻrsatkichlarni oshirish nazarda tutilyapti:

- latent tuberkulyoz infeksiyasiga skrining tekshiruvlari soni – 1 million nafargacha;

- tuberkulyoz mikrobakteriyasining ayrim dori vositalariga rezistentligini aniqlaydigan gen-molekulyar tashxislash qamrovi – 120 ming nafargacha;

- tuberkulyoz bilan kasallangan 18 ming nafargacha bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlash, shu jumladan:

1-qator (doriga sezuvchan tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) dori vositalari boʻyicha — 15 ming nafargacha;

2 va 3-qatorlar (doriga rezistent tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) dori vositalari boʻyicha — 3 ming nafargacha.

Markaz huzurida Shokir Alimov nomidagi ilmiy maktab, shuningdek Milliy referens laboratoriya va ilmiy-amaliy trening markazi ochiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 21-yanvardan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.