Fuqaro daraxt kesgani uchun salkam 10 million soʻm jarima toʻladi

    U Narpay tumanining Islomobod mahallasida joylashgan 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hududida sogʻlom terakni kesgan.

    Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi Narpay tuman boʻlimi davlat inspektorlari tomonidan tumanda daraxtlar kesilishi bilan bogʻliq vaziyat oʻrganildi.

    Bu haqda Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, fuqaro Narpay tumanining Islomobod mahallasida joylashgan 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hududida sogʻlom terakni kesib tashlagan.

    Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJTKning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan 1 020 000 soʻm zarar va BHMning 25 baravari, yaʼni, 8 500 000 soʻm miqdorida jarima qoʻllanilgan.