Fuqaro profilaktika inspektoriga bolta bilan hujum qildi

    Xavfsizlik 31 May 2023 1056

    Tan jarohati olganiga qaramasdan inspektor oʻzining hayotiga tajovuz qilgan tartibbuzarni zararsizlantirdi.

    Joriy yilning 30-may kuni soat 16:00 atrofida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Hamkorlik” mahallasi raisining yashash uyiga, ushbu mahallada yashovchi 1976-yilda tugʻilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, giyohvand shaxs sifatida profilaktik nazoratga olingan A.I., mast holda bostirib kirib, maishiy muammolarini roʻkach qilgan holda mahalla raisi va uyda boʻlgan oila aʼzolarining tinchligini buzib, janjal koʻtargan.

    Chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib kelgan mahalla profilaktika inspektori kapitan Gʻofur Berdiyev, tartibbuzar fuqaro voqea joyidan nomaʼlum tomonga qochib ketganligiga guvoh boʻlgan.

    Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida, shu kuni soat taxminan 19.00larda tartibbuzar A.I. oʻz uyiga qaytib kelganligi aniqlanib, u bilan profilaktik suhbat oʻtkazish hamda mahalla raisiga nisbatan sodir etgan huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirish maqsadida tartibbuzarning xonadoniga borgan kapitan Berdiyev, xonadon egasining keskin qarshiligiga uchraydi.

    Xonadon egasi, bolta bilan profilaktika inspektoriga hujum qilib, uning chap qoʻl tirsagini yaralaganiga qaramasdan, jismoniy kuch ishlatilib, huquqbuzar zararsizlantirilgan.

    Shundan soʻng, kapitan Berdiyev xonadon qoʻshnilari va voqea joyiga yetib kelgan hamkasblari yordamida shifoxonaga yetkazilgan. Tibbiy koʻrik natijasida chap tirsak pastki qismi suyaklarining ochiq singanligi va qon tomirlarini kesilishi oqibatida koʻp qon yoʻqotganligi aniqlanib, tezkorlik bilan tegishli muolajalar koʻrsatilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan.

    Hayotini xavf ostiga qoʻyib jinoyatchini zararsizlantirgan profilaktika inspektori kapitan Gʻofur Berdiyevni ragʻbatlantirish masalasi koʻrilmoqda.