Fuqarolar himoyasining huquqiy kafolatlari yanada mustahkamlanadi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-963-son, 20.09.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonunga koʻra, ayrim qonun hujjatlariga yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan, OAVlarning faoliyati hamda insonning asosiy huquq va erkinliklari bilan bogʻliq huquqiy normalar belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni oʻtash chogʻida fuqarolarning huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

    Bundan tashqari, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, tadbirkorlik subyektlari qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqliligi belgilanmoqda.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.