Yaʼni, saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
24-oktyabr — Oʻzbekiston Respublikasi prezidentiligi uchun saylov kunida safarda yoki qatʼiy tartibli mehnat faoliyatida boʻladigan minglab fuqarolarimiz ayni damlarda muddatidan oldin ovoz berish huquqidan keng foydalanishmoqda.
Muxlisa Ibrohimova Fargʻona tumanining Vodil qishlogʻida istiqomat qiladi. Turmush oʻrtogʻi esa ayni damlarda Moskva shahrida. Mamlakatimizning 2016-yildagi Oʻzbekiston Prezidentligi uchun saylovlarda oilasi bilan bevosita ishtirok etgan Muxlisa joriy yil 24-oktyabr kungi navbatdagi saylovlarda ishtirok eta olmaydi. Chunki u turmush oʻrtogʻining ishlariga koʻmaklashish uchun 23-oktyabrda safarga otlangan. Shuning uchun u muddatidan avval ovoz berish huquqidan foydalanish uchun oʻzi hududidagi 1091-saylov uchastkasiga keldi.
— Xorijda koʻp safarlarda yurganim uchun men Vatan qadrini juda yaxshi his etaman. Oilamizning barcha aʼzolari shunday fikrda, — deydi Muxlisa Ibrohimova. — Shuning uchun oʻz mamlakatim taqdiriga umuman befarq emasman. Siyosiy jarayonlar va yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatib boraman. Xorijga uchadigan samolyotimiz aynan 23-oktyabrga toʻgʻri keldi. Bugun esa muddatidan oldin ovoz berish huquqimdan foydalanib oʻzim tanlagan nomzodga ovoz berdim. Turmush oʻrtogʻim esa Moskvadagi konsullikda ovoz beradi.
Saylovchi saylov kunida boʻla olmasligi sabablari koʻrsatilgan ariza asosida uchastka saylov komissiyasiga murojaat qiladi, hamda saylov byulletenini olib, ovoz berishini amalga oshiradi. Arizaga hech qanday qoʻshimcha maʼlumot talab etilmaydi.
Ayni damda 1091-saylov uchastkasida yuzga yaqin fuqarolar oldindan ovoz berish huquqidan foydalanuvchilar sifatida roʻyxatga olingan.
— Fargʻona tumanining Davlat xizmatlari markazida joylashgan 1091- saylov uchastkasida yuzga yaqin fuqarolar oldindan ovoz berishlari uchun roʻyxatga olingan, — deydi — 1091-uchastka saylov komissiyasi raisi Abdumalik Qoʻshaqov. — Ayni kunlarda 76 nafar yurtdoshlarimiz oldindan ovoz berishib xorijga yoʻl olishdi.
Zamon shiddat bilan rivojlanib boryapti. Fuqarolarda esa vaqt tigʻiz. Oilaviy tashvishlar, ish va yumushlar barchamizni birdek band qilgan. Fuqarolarimizning konstitutsion huquqlaridan foydalanishda oldindan ovoz berish usuli esa yuz minglab fuqarolarimizning saylash huquqlaridan mukammal foydalanish imkonini beradi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Saylov uchastkalarida saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berishni 20-oktyabrga qadar davom etadi.
Elyorjon Ehsonov.