“Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 30 Iyun 2021 1202

    2021-yil 30-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashi doimiy komissiya raislari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi, qolaversa, tibbiyotning birinchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish borasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida olib borilgan ishlar holati muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 817 ta oilaviy shifokor punkti, 983 ta oilaviy poliklinika va 199 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika faoliyat olib bormoqda.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida 38 ta davolash-profilaktika muassasasi, 17 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 78 ta oilaviy poliklinika, 36 ta oilaviy shifokorlik punkti, Xorazm viloyatida 20 ta davolash-profilaktika muassasasi, 13 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 65 ta oilaviy poliklinika hamda 18 ta oilaviy shifokorlik punkti aholiga tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida “tibbiyot brigadalari” tomonidan aholining 1 858 480 nafari yoki 96,5 foizi, Xorazm viloyatida aholining 1 829 610 nafari yoki 96,6 foizi “mahallabay” yondashuv asosida toʻliq tibbiy xatlovdan oʻtkazilgan. Xatlov natijasiga koʻra, aholi toʻrt guruhga ajratilib, yuqori xavf guruhidagi aholini sogʻlomlashtirish ishlari olib borilmoqda.

    Shu bilan birga, majlisda senatorlar tibbiyotning birinchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish borasida yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini qayd etdi.

    Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 326 shtat birligi, Xorazm viloyatida 488 shtat birligi shifokor mutaxassislari yetishmasligi, birlamchi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik holati, tibbiy jihozlar bilan taʼminlanganligi, raqamlashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish borasida ham qator kamchiliklar mavjudligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, kelgusida birlamchi tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi va Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.