2025-yil 13-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Dastlab, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, amaldagi tartibga koʻra fuqarolar yigʻini raislari 3-yil muddatga saylanadi. Ammo bu davr fuqarolar yigʻini raislariga oʻz bilim va boshqaruv qobiliyatlarini toʻliq namoyon etishga yetarlicha imkoniyat bermaydi.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan yangi saylangan fuqarolar yigʻini raisi toʻliq 5-yil muddatga saylanishini belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, loyiha bilan fuqarolar yigʻini raisi sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish muddatlari va tartibini takomillashtirish maqsad qilingan.
Xususan, fuqarolar yigʻini sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish muddatlari va tartibini belgilovchi vakolatlarni Respublika koʻmaklashuvchi komissiyalaridan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar koʻmaklashuvchi komissiyalariga berilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda boʻshab qolgan oʻrinlarga yangi saylov oʻtkazish orqali fuqarolar yigʻini raisini besh yil muddatga saylash tartibi belgilash nazarda tutilmoqda. Oliy Majlis Senati Kengashining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlarni esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga oʻtkazish taklif qilingan.
Qonun loyihasini muhokama qilar ekan deputatlar amaldagi tartib eskirib qolganini va yangilik joriy etish yaxshi samara berishi mumkinligini taʼkidladi. Ularning soʻzlariga koʻra, fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga oʻtkazilishi tizimdagi oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Oʻzgarishlarning tadbiq etilishi fuqarolar yigʻini vakolatlarini yanada kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Deputatlar ushbu jihatlarni inobatga olgan holda oʻz takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirdi. Kelgusi oʻqishgacha qoʻshimchalar ustida ishlashga kelishilgan holda loyiha maʼqullandi.
Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.