Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtiriladi

    Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida “Aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Mazkur Qonun aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Qonun bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga pensiya olish yoshiga toʻlgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

    Mazkur tartib amaliyotga tatbiq etilishi natijasida fuqarolardan pensiya tayinlash uchun Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmasiga yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish talab etilmaydi.

    Bundan tashqari, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida ularning telefon raqamlariga pensiya tayinlanganligi va uning miqdori toʻgʻrisida SMS xabar yuboriladi.

    Qonunda shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirib, keyinroq yoshga doir pensiya olish istagi boʻlganida, proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilyapti.

    Shuningdek, Qonunga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va toʻlash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga oʻtkazilgani munosabati bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi va “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.

    Senatorlarning fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya taʼminoti boʻyicha koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

    Qizgʻin muhokamadan soʻng Qonunning dolzarbligi va zarurligini eʼtiborga olib, u senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.