Fuqarolarni chet elga yuborishni vaʼda qilgan firibgar ushlandi

    Xorijiy davlatga yuborishni vaʼda qilgan shaxsning yonidan qalbaki 8 400 AQSH dollari chiqdi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tuman boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida “L.” nomli “Hostel” oldida oʻtkazilgan tezkor tadbirda xorijiy davlat fuqarosi M.S. firibgarlik yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsadida, fuqaro Z.A.ni Angliya davlatiga borishi uchun 850 AQSH dollariga viza olib berishini aytib, shundan 350 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Bundan tashqari, M.S.ning yonidan oʻtkazish maqsadida saqlab kelingan 84 dona 100 AQSH dollarlik kupyuradagi qalbaki 8 400 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.