“Haj” va “Umra” ziyoratini noqonuniy tashkil etmoqchi boʻlgan qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 24 Aprel 2025 947

    Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi, 1968-y.t., muqaddam sudlangan shaxs haj ziyoratini tashkil etishga vakolati boʻlmasada, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, 8 ming AQSH dollari evaziga uning ota-onasini joriy yilda “Haj” ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Bu kabi qonunbuzilish holati Fargʻona viloyatida ham qayd etilib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Yozyovon tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi, 1987-y.t., turistik firma rahbari 4 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 4200 AQSH dollari olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.

    Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Oqoltin tumanida yashovchi, 1974-y.t. shaxs oʻzini goʻyoki sayyohlik firmasi vakili sifatida tanishtirib, 3 nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish evaziga jami 3450 AQSH dollari talab qiladi. Ushbu shaxs oldindan 1100 AQSH dollari hamda 1 mln. 290 ming soʻm olgan vaqtida ushlandi.

    Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi xususiy aviakassa rahbari mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini “Umra” safariga yuborishini aytib, buning evaziga 1200 AQSH dollari talab qiladi. Uning koʻrsatmasi bilan aviakassa xodimi oldindan 10 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.