Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oltiariq tuman boʻlimi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.Gʻ. boshqa bir fuqaro Sh.ni qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalarining biriga tanishlari orqali oʻqishga kiritib qoʻyish va 1-kursini tugatganligi toʻgʻrisida maʼlumot qildirib berish evaziga 1 100 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar Yo.T., R.B. va boshqalar fuqaro S.O.ni Jalolobod davlat universitetiga oʻqishga kiritib, keyinchalik Namangan davlat universitetining “Huquqshunoslik” fakultetiga koʻchirib berish evaziga 1580 AQSH dollari va 26 mln soʻmini qoʻlga kiritishib, shundan 200 AQSH dollarini qaytarganligi, shuningdek fuqaro X.I.ning oʻqishini qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidan Namangan muhandislik-texnologiya institutiga koʻchirib berish evaziga 3 000 AQSH dollarini olib shundan 200 AQSH dollarini qaytarganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.