Hozirgi kunda dunyoda keng tarqalgan COVID-19 infeksiyasi sababli qator xorijiy davlatlar tomonidan boshqa davlat fuqarosini kiritish uchun ushbu infeksiya yoʻqligini tasdiqlovchi sertifikat talab etilmoqda.

Shunga muvofiq, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda ketayotgan fuqarolarni COVID-19 (PSR) tekshiruvidan oʻtkazishni tashkillashtirish uchun respublikaning barcha viloyatlari tibbiyot muassasalariga tanlov eʼlon qilgan edi.

Tanlovga kelib tushgan takliflar komissiya tomonidan koʻrib chiqilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Andijon viloyatida “Intermed innovation” MCHJ, Toshkent shahrida “Tibbiyot dunyosi” MCHJ tibbiyot muassasalari tanlab olindi.

Mamlakatimizning qolgan viloyatlari tibbiyot muassasalari uchun tanlov qaytadan oʻtkaziladi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.