Fuqarolarning 1 milliard 560 million soʻm ish haqlari sud orqali undirib berildi

    Ijtimoiy hayot 31 May 2022 838

    Adliya boʻlimlarining eng asosiy vazifasi aholiga huquqiy koʻmak berish, ularning ijtimoiy hayotda buzilgan huquqlarini tiklash va qonunan amaliy yordam berishdan iborat.

    Birgina Fargʻona viloyatida joriy yil birinchi choragi davomida adliya boʻlimlariga aholidan 4,5 mingdan ortiq murojaat va arizalar kelib tushgan. Vatandoshlarimizning ushbu dargohda yuzlab masalalari ijobiy yechim topdi.

    Nasibaxon Axmatqulova Rishton tumanining 2-Ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabida kadrlar boʻyicha menejer boʻlib ishlaydi. Uning adliya boʻlimiga murojaati ish haqlarining qonunan toʻgʻri toʻlanmayotganligi haqida. Adliya xodimlari bilan birgalikda uning masalasi oʻrganib chiqilib sud tartibida buzilgan huquqlari tiklab berildi.

    Tuman markazidan olis Navbahor qishlogʻida istiqomat qiluvchi Nodiraxon Yoqubjonovaning nogironligi bor farzandi uchun maxsus bolalar aravachasi zarur edi. Biroq qizalogʻini yolgʻiz tashlab keta olmasligi uchun tuman adliya boʻlimiga bora olmay, telefon orqali murojaat qildi.

    — Imkoniyati cheklangan qizimga maxsus aravacha yoʻq emas. Bor, albatta. Biroq koʻp ishlatilganidan keyin oxiri toʻkildi, — deydi Nodira Yoqubjonova. — Uning ustiga hozirgi aravachamiz katta yoshlilar uchun. Biroz qiynalayotgan edik. Mahalla fuqarolari yigʻini raisining taklifi bilan shunchaki maslahat uchun murojaat qilgandim. Manzilim va ijtimoiy ahvolimni bilishgach, bir kun muddatda maxsus bolalar aravachasini keltirib berdi.

    Rishton tumani adliya boʻlimiga joriy yil 1-choragi davomida 500 dan ortiq fuqarolarning murojaatlari kelib tushgan. Shundan 411 ta ariza qonunlar doirasida qanoatlantirildi. 85 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. 244 ta taqdimnoma, 606 ta ogohnoma kiritildi. 82 ta mansabdor shaxslarga tegishli tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

    Murojaatlar asosidagi oʻrganishlar davomida, bir qator qonun buzilish holatlariga taʼsir chorasini qoʻllash maqsadida Davlat kadastrlar palatasi Rishton tumani filialiga taqdimnoma kiritildi. Aniqlanishicha, filial rahbari Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish orqali fuqaro murojaatiga befarq munosabatda boʻlib kelingan. Va filial rahbariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 43-moddasi bilan jazo tayinlangan.

    Yaʼni Sirdaryo-Soʻx ITB huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasi Rishton tuman boʻlimi, shu tashkilotning nasos stansiyalari va energetikasi boʻlimi boshliqlari, Rishton tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda irrigatsiya boʻlimi boshliqlari faoliyatida sansalorliklar aniqlanib, maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan.

    Xuddi shunday maʼmuriy bayonnoma Rishton tuman arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻiga nisbatan ham qoʻllanilgan. Adliya boʻlimining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomasini bajarmaslik holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1984-moddasi 1-qismi bilan rasmiylashtirilgan.

    Eʼtiborli jihati shundaki, tuman adliya boʻlimi tomonidan 2022-yil I choragi davomida 186 ta holatda Fuqarolik ishlari boʻyicha Rishton tumanlararo sudiga 1 milliard 560 million soʻm miqdorida pul mablagʻlarini undirish yuzasidan daʼvo arizalar kiritildi hamda toʻliq qanoatlantirildi.

    Shuningdek, Rishton tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi xodimlarining qonunchilikda belgilangan yoʻlkira hamda tushlik pullari uchun qoʻshimcha toʻlovlar toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib qilgan murojaatlari kelib tushgan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-dekabrdagi 963-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 14-bandida xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularning ish samaradorligini oshirish maqsadida har oyda jamoa shartnomasiga muvofiq yoʻl transporti uchun hamda xodimlarning tushlik ovqatlanishi xarajatlariga koʻmaklashish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida toʻlovlar amalga oshirilishi belgilangan.

    Holat yuzasidan Fuqarolik ishlar boʻyicha Rishton tumanlararo sudiga 35 nafar xodimning jami 760 million soʻmlik ish haqlarini undirish boʻyicha arizalar kiritilib, qanoatlantirildi.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha yetakchi maslahatchisi.