Aniqlanishicha, 2018-yil Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Sijjak qishlogʻida joylashgan “Qaynarsoy” qarorgohida tutashgan hududlarning arxitektura qurilishini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 130 nafar fuqarolarga Boʻstonliq tuman hokimining 2018-yil 18-iyuldagi 1827-sonli qarori bilan “Sarbogʻ” va “Nanay” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi tuman zahira yerlari tarkibidan jami 12.0 gektar sugʻoriladigan yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan (har bir uy-joyi buzilishga tushgan fuqaroga 0.06 gektardan) yer maydonlari ajratib berilishi belgilangan edi. Tuman hokimining mazkur qarori 2019-yilda Toshkent viloyati hokimining qarori bilan tasdiqlangan.

Ammo, murojaatda koʻrsatilishicha, 2020-yil 10-iyulda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hokimining 1697-sonli qarori qabul qilinib, bu bilan 2018-yil 18-iyuldagi 1827-sonli tuman hokimining qarori bekor qilingan va shu bilan birga, fuqarolarga ajratilgan umumiy maydoni 12 ga yerdan foydalanish huquqi cheklab qoʻyilgan. Shundan soʻng, mazkur holat yuzasidan bir guruh fuqarolar tomonidan maʼmuriy ishlar boʻyicha Nurafshon tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili ushbu murojaatga ilova qilingan barcha hujjatlarni oʻrganib, oʻzining xulosasini taqdim etdi. Sud tomonidan 2021-yil 15-aprel kuni sayyor sud majlisi oʻtkazildi. Unda ariza qanoatlantirilib, Boʻstonliq tuman hokimining 2020-yil 10-iyulda 1697-sonli qarorini bekor qilish toʻgʻrisida qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.