Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-oktyabrdagi “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi 592-son Qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq chet elda ishlash davrlari:
— mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy ravishda 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan sugʻurta badallari;
— 2019-yil-1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
— 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliqlar toʻlangan davr ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan fuqaro oʻzi uchun mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan taʼminlanishning miqdoridan kelib chiqib ijtimoiy soliqni toʻlashni quyidagi tartibda amalga oshirish huquqiga ega:
— har oyda yoki har chorakda;
— bir yoʻla — Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida. Bunda shaxsning Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelganlik fakti shaxsning pasporti, shu jumladan, xorijga chiqish biometrik pasportidagi va yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Manzil” axborot tizimidan olingan maʼlumotlar asosida aniqlanadi.
Chet elda boʻlish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar yoki ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan mehnat shartnomasiga oid maʼlumotnomalar yoki Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Labor-migration” dasturiy majmuasidagi maʼlumotlar, shaxsning pasportidagi, shu jumladan, xorijga chiqish biometrik pasportidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) asosida tasdiqlanadi.