Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan yig'ilishda deputatlar “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi qonunga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Ma'lumki, yurtimizda so'nggi yillarda fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini ta'minlash, jumladan, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga fuqarolik berish borasida misli ko'rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 2016 yilga qadar 482 nafar fuqaroligi bo'lmagan shaxsga fuqarolik berilgan bo'lsa, 2016 yil dekabr` oyidan buyon Prezidentimiz farmoni bilan 16 mingdan ortiq yurtdoshimiz O'zbekiston fuqaroligiga ega bo'ldi.
Ushbu yo'nalishdagi qonunchiligimizga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, bu boradagi amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi qonuniga o'zgartishlar kiritilyapti. Unga ko'ra, o'n besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, deb tan olish belgilanmoqda. SHuningdek, ota-onasidan biri mamlakat fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O'zbekistonda yashab kelayotgan bola xohlasa O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
Deputatlar mamlakatimizda amalga joriy etilgan fuqarolik masalalariga oid yangi tizim yangilanayotgan O'zbekistonning xalqaro imijini yanada oshirish, inson huquqlarini ta'minlash, odamlarning hayotdan rozi bo'lib yashashi yo'lidagi muhim islohotlardan yana biri ekanini ta'kidlab, qonun loyihasini ikkinchi o'qishda qabul qildilar.