O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Demokratiya va inson huquqlari instituti, O'zbekistonda huquqiy islohotlar bo'yicha USAID dasturi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tadbir tashkilotchilari bo'ldi.
Qayd etildiki, so'nggi yillarda mamlakatimizda huquqiy davlatchilikni barpo etish, qonun ijodkorligi jarayonlarida aholimizning, qolaversa, jamoat tashkilotlarining roli sezilarli darajada ortdi. Buni kuni kecha muhokamasi yakunlangan “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi misolida ham ko'rish mumkin. Mazkur qonun loyihasi umumxalq muhokamasi davomida yoshlar, o'qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, umuman vatanimiz taqdiriga befarq bo'lmagan yurtdoshlarimizdan 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Bu, fuqarolarga o'z xohish irodalarini emin-erkin bildirishi uchun barcha qulayliklar yaratib berilayotgani namunasidir.
Tadbirda fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy davlatchilikni qaror toptirish jarayonlariga ta'sirini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu boradagi muammolar ham tahlil qilindi. Ta'kidlandiki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichida, shu jumladan Vazirlar Mahkamasiga kiritish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokining huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlarga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kiritilgan takliflarning umumiy sonini 2021 yilda 1 000 taga, 2025 yilda 5 000 taga etkazilishini ta'minlash vazifalari kiritilgan edi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 9 000 mingdan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan NNTlar misolida tahlil qilinganda, birgina O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va unga a'zo NNTlar tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlarga fuqarolik jamiyati rivojiga xizmat qiluvchi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan joriy yilning o'tgan davri davomida 400 dan ortiq takliflar kiritilgan. Assotsiatsiya tomonidan joylarda qonun ijodkorligi faoliyatida davlat organlarining va fuqarolik jamiyati institutlarini o'zaro hamkorligining samaradorligini ko'rsatish hamda fuqarolik jamiyati institutlarini qonun loyihasini tayyorlash bosqichida qonun ijodkorligi faoliyatiga jalb qilishga qaratilgan tashabbuslarini oshirish bo'yicha seminar-treninglar o'tkazilmoqda. Mazkur jarayonlarga respublikadagi etakchi NNTlar, davlat tashkilotlari vakillari ham jalb etilmoqda.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy davlat barpo etishdagi tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, bu borada davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda ishtirok etish shakllari, usullari va mexanizmlarini tartibga soluvchi mavjud qonunchilik normalarini takomillashtirish bo'yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.