Fuqarolik sudlarida ishlar soddalashtirilgan tartibda koʼrib chiqiladi

    “Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining "Аyrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.

    Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti kiritildi.

    Daʼvoning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 20 baravaridan, YaTTga nisbatan 10 baravaridan, jismoniy shaxslarga nisbatan esa 5 baravaridan oshmasa, ishlar soddalashtirilgan tartibida koʼrib chiqiladi.

    Soddalashtirilgan tartibida ish qoʼzgʼatish toʼgʼrisidagi ajrimda javobgarga daʼvo arizasiga doir yozma fikrini taqdim etishi zarurligini koʼrsatadi va uni javobgarga yuboradi.

    Javobgar daʼvo arizasiga doir yozma fikrini sudga oʼzi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli.

    Soddalashtirilgan tartibida ish ajrim chiqarilgan kundan 20 kundan oshmagan muddatda yakka tartibda koʼrib chiqiladi.

    Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʼrib chiqish muddati uzaytirilmaydi.

    Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini oʼtkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan koʼrib chiqadi.

    Sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntirishlarni, eʼtirozlarni va (yoki) vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishadi hamda hal qiluv qarorini qabul qiladi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.