Hujjat “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq qabul qilindi.

Qaror bilan:

  • Fuqaroviy qurol va xizmat qurolini hamda ularning oʻq-dorilarini, shuningdek, tuzilishi jihatdan qurolga oʻxshash boʻlgan buyumlarni sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1);
  • Fuqaroviy qurol va xizmat quroli hamda ularning oʻq-dorilari davlat kadastrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (2) tasdiqlandi.

“Oʻzstandart” agentligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirildi.

Nizomga (1) asosan qurol va oʻq-dorilarini sertifikatlash Mahsulotlarni sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq (6.07.2004-yildagi 318-son VMQ bilan tasdiqlangan), shuningdek, mazkur Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.

Qurol va oʻq-dorilarni sertifikatlash talabgorning sertifikatlashtirish organiga Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha taqdim etilgan arizasiga asosan amalga oshiriladi. Sertifikatlanadigan qurol va oʻq-dorilarning har biri muayyan turdagi qurol va oʻq-dorilarga taalluqli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq tamgʻaga ega boʻlishi kerak.

Sertifikatlashda qurol va oʻq-dorilarning xususiyatlari tekshiriladi hamda qurol va oʻq-dorilarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi sinov usullari qoʻllaniladi.

Bunda:

  • qurol rusumlari (qurol rusumining modifikatsiyasi), oʻq-dori turi (oʻq-dori turining modifikatsiyasi);
  • Oʻzbekistonda qurol va oʻq-dorilarni koʻplab ishlab chiqarish;
  • qurol va oʻq-dorilarning toʻpi (partiyasi);
  • qurolning yagona namunasi sertifikatlanadi.

Nizomda qurol va oʻq-dorilarni sertifikatlash chogʻida ariza beruvchi tomonidan taqdim etiladigan qoʻshimcha maʼlumotlar keltirilgan.

Sertifikatlash bunga vakolatga ega boʻlgan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Sertifikatlash ishlari shartnomaga asosan toʻlov amalga oshirilgandan soʻng bajariladi. Sertifikatlash ishlari bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning natijalaridan qatʼi nazar, talabgor tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, Nizomda qurol va oʻq-dorilarni tekshirish va sinovini oʻtkazishni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha boshqa talablar, muvofiqlik sertifikatini berish tartibi ham yozilgan.

Nizom (2) fuqaroviy qurol va xizmat quroli hamda ularning oʻq-dorilari davlat kadastrini (keyingi oʻrinlarda - Qurol kadastri) shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.

Qurol kadastrining obyekti - sertifikatlashning ijobiy natijalariga ega boʻlgan fuqaroviy qurol va xizmat quroli hamda ularning oʻq-dorilari hisoblanadi.

Qurol kadastriga tigʻli sovuq qurol va uloqtirish quroli toʻgʻrisidagi, yagona nusxalari Oʻzbekistonga olib kiriladigan yoki mamlakatdan olib chiqiladigan qurol haqidagi maʼlumotlar kiritilmaydi.

Qurol va uning oʻq-dorilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kadastrga kiritilganligi uchun talabgordan toʻlov undirilmaydi.

Qurol kadastri “Oʻzstandart” agentligi tomonidan elektron tarzda ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda hamda 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha yuritiladi.

Qurol kadastri quyidagi boʻlimlarni oʻz ichiga oladi:

  • xizmat quroli va uning oʻq-dorilari;
  • fuqaroviy qurol va uning oʻq-dorilari;
  • Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qurol va oʻq-dorilar;
  • Oʻzbekiston hududiga olib kirilgan qurol va oʻq-dorilar;
  • texnologik maqsadlarda (sinovlar, tekshiruvlar yoki qurol ishlab chiqarish jarayonida) ishlatish uchun oʻq-dorilar.

Nizomda qurol kadastriga kiritiladigan qurol va oʻq-dorilartoʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltirilgan.Bu maʼlumotlar har chorak yakunlari boʻyicha keyingi oyning birinchi 10 kunligida taqdim etiladi.

Qurol kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimi tarkibiga kiradi va har chorakda bir marta Davlat kadastrlari yagona tizimiga kadastr maʼlumotlari taqdim etiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 29.07.2020-yildan kuchga kirdi.

Bahodir Qayumov.