Shveysariyaning Syurix shahrida Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) navbatdan tashqari Kongressi oʻtkazildi.
Unda FIFA rahbari Janni Infantino Saudiya Arabistoni 2034-yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilishini eʼlon qildi. Bunday qarorga kelishiga sabab Saudiya Arabistoni chempionatni oʻtkazish uchun yagona nomzod boʻlgan.
Avvalroq, Avstraliya 2034-yilgi Jahon chempionatini oʻtkazishga daʼvogar boʻlgan. Biroq, yakunda tegishli hujjatlarni topshirishdan voz kechdi.
2034-yilgi bahslar mamlakatning Ar-Riyod, Jidda, Abxa, Al-Xubar va Neom shaharlaridagi 15 ta stadionda oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Kongressda 2030-yilgi mundial bir vaqtning oʻzida olti mamlakat — Marokash, Ispaniya, Portugaliya, Argentina, Urugvay va Paragvayda oʻtishi belgilandi.
Ushbu musobaqaning faqat birinchi uchta oʻyini Urugvay, Argentina va Paragvayda boʻlib oʻtadi. Qolgan barcha oʻyinlar Marokash, Portugaliya va Ispaniyada oʻtkaziladi.
Aslida, 2030-yilgi jahon birinchiligining haqiqiy mezbonlari Marokash, Portugaliya va Ispaniya. Argentina, Urugvay va Paragvaydagi oʻyinlar futbol boʻyicha Jahon chempionatlari oʻtkazila boshlanganiga 100-yil toʻlishi sharafiga uyushtiriladi.
Maʼlumot oʻrnida: 2026-yilning 11-iyun — 19-iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida futbol boʻyicha Jahon chempionati boʻlib oʻtadi.