Futbol boʻyicha DXX kubogining saralash bosqichiga start berildi

    Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti stadionida Chirchiq shahridagi 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun sportning mini – futbol va futbol turlari boʻyicha Chirchiq shahar saralash bosqich bellashuvlariga start berildi.

    Uyushmagan, kam taʼminlangan va ayni paytda ishsiz yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishiga, xususan, sportning mini-futbol va futbol turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni erta aniqlash maqsadida start olgan mazkur DXX kubogining dastlab, tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.

    Yuqori saviyada tashkil etilgan ochilish marosimida Chirchiq shahar hokimligi, sektor rahbarlari, Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputatlari hamda tegishli tashkilot mutasaddilari ishtirok etishib, futbol jamoalariga gʻoliblik sari borishlari uchun omadlar tilashdi.

    Shundan soʻng ilk bellashuvlarga start berildi. Taʼkidlash joiz, mazkur DXX kubogining saralash musobaqasi dastlab, Chirchiq shahridagi 4ta sektor kesimida 44 ta mahalla yoshlaridan tashkil topgan jamoalar oʻrtasida hududlarga boʻlingan holda oʻzaro kuch sinashishadi. Gʻolib jamoalar shahar, viloyat va respublika bosqichlarida ishtirok etishadi.

    Musobaqalarning birinchi bosqichi joriy yilning aprel-may, ikkinchi bosqichi iyun-iyul oylarida hamda uchinchi final bosqichi avgust oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan

    Ilhom RAHMONOV tayyorladi