Futbol boʻyicha “JCH-2022” saralash oʻyinlari keyingi yilda oʻtadi

    FIFA va OFK shunday qarorga keldi.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston milliy jamoasi “JCH-2022” saralashining 2-bosqichida 13-oktyabr kuni safarda Yamanga qarshi, 12-noyabr kuni oʻz maydonida Singapurga qarshi va 17-noyabr kuni safarda Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushish lozim edi.

    Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab vaziyat tufayli FIFA va OFK oʻzaro kelishgan holda “JCH-2022” doirasidagi barcha qolgan oʻyinlarni keyingi yilda oʻzkazishga qaror qilgan. Oʻyinlarning qaysi sanada oʻtkazilishi hozircha nomaʼlum.

    Tribuna.uz. saytining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov yuqoridagi xabarni izohlar ekan shunday degan:

    “Bu xabarni hozir eshitdim. JCH-2022 saralashining barcha oʻyinlari keyingi yilga qoldirilibdi, biroq, qaysi sanaga ekani nomaʼlum.

    Bu yaxshi yoki yomon ekaniga baho berishim qiyinroq. Oʻzi bu yil juda ogʻir kechdi, tayyorgarlik koʻrish ham qiyin boʻldi. Balki bu qaror adolatli boʻlgandir, chunki jamoalarga tayyorgarlik koʻrish imkoni berilyapti.

    Endi bu holatdan toʻgʻri foydalanish lozim. Rasmiy oʻyinlar belgilangan sanalarda nazorat bahslari oʻtkazishga toʻgʻri keladi.

    Albatta, pandemiya hammaga taʼsir qildi, Har kimning holati har xil boʻlib turibdi. Futbolchilarning tayyorgarligi ham turli darajada. Xorijda oʻynaydigan futbolchilarimizning holati ham turlicha, chunki baʼzilarida chempionat oʻtkazilyapti, baʼzilarida yoʻq. Ichki chempionatimizdagi ahvol ham shunday.

    Xullas, kim bu holatdan toʻgʻri foydalansa, shu yutadi”.