Futbol boʻyicha milliy terma jamoamiz mamlakatimiz tarixida ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, 34-yillik orzu-umidimizni roʻyobga chiqardi.
Talaba yoshlarimiz esa Xalqaro yozgi universiada oʻyinlarida 116 ta davlat orasida ilk bor birinchi oʻn beshtalikka kirdi, Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egalladi.
Ushbu bayram arafasida 19 va 22 yoshli bokschilarimiz Osiyo chempioni degan yuksak unvonga sazovor boʻlib, oʻzbek boks maktabining shuhratini dunyoga yana bir bor namoyon etdi.
«Sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, Oʻzbekistonni chinakam sport mamlakatiga aylantirish maqsadida istiqbolli oʻgʻil-qizlarimizga atab Toshkentda ulkan Olimpiya shaharchasini barpo etdik.
Mamlakatimiz tarixida birinchi marta zamonaviy taʼlim va bilim beradigan Futbol akademiyasi qad koʻtardi.
Ishonchim komil, zamonaviy sport arxitekturasining noyob durdonasi boʻlgan ushbu majmualar minglab boʻlgʻusi chempionlarimiz uchun yuksak parvoz maydoniga aylanadi», – dedi Prezident.









